Mirzaobod Ijtimoiy Iqtisodiy kasb hunar kolleji ma'muriyati barchangizni Ulug' ayyom bilan tabriklaydi.
Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 9-may – Xotira va qadrlash kuni mamlakatimizda umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanmoqda.
Xotira – ajdodlarga yuksak hurmat va ehtirom ifodasi. Inson xotira bilan tirik, qadr bilan ulug‘. Prezidentimiz tomonidan istiqlolning ilk yillaridan el-yurtimiz taqdiriga daxldor tarixiy adolatni tiklash, ajdodlarimizning ezgu ishlari, jasoratini ulug‘lash va abadiylashtirish, mamlakatimizda inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilayotgan e’tibor xalqimizning ana shunday o‘lmas qadriyatlari, bebaho ma’naviy fazilatlarini namoyon etib kelmoqda.
Ikkinchi jahon urushida jasorat ko‘rsatgan, olovli maydonlarda o‘z yurtining tinchligi va ozodligi, oilasi, farzandlarining xotirjamligi uchun kurashgan insonlar mudom xalqimiz ardog‘ida. Beayov janglarda jon fido qilgan bobolarimiz xotirasi qalblarimizda abadiy yashaydi. Bugun oramizda yashayotgan 6 ming 600 nafardan ziyod Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga davlatimiz tomonidan har tomonlama e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2012-yil 18-aprelda qabul qilingan "Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga ko‘rsatilayotgan ehtiromning yana bir yorqin ifodasidir. Mazkur farmonga muvofiq barcha shahar va tumanlarda, qishloq va mahallalarda urush qatnashchilari va nogironlariga pul mukofotlari topshirildi.
9-may. Poytaxtimizdagi tabarruk maskanlardan biri – Xotira maydoni har qachongidan gavjum. Bu yerga urush va mehnat faxriylari, hukumat a’zolari, senatorlar, deputatlar va harbiylar, keng jamoatchilik vakillari tashrif buyurdi.
Maydon uzra mahzun musiqa taraladi.
Soat 9.00. Maydonga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov kirib keldi.
Davlatimiz rahbari harbiy orkestr sadolari ostida Motamsaro ona haykali poyiga gulchambar qo‘ydi.
Prezidentimiz Ikkinchi jahon urushida jon fido qilgan vatandoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
– Bugun mamlakatimizda buyuk tarixiy sana, ya’ni Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan g‘alaba qozonilgan kunning 67-yilligi nishonlanmoqda, – dedi Islom Karimov. – Poytaxtimiz Toshkentda, shahar va qishloqlarimizda xalqimiz Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan marosimlarni bajo keltirmoqda. Avvalo ana shu ayovsiz urushda qatnashganlar, jang maydonlaridan qaytmagan barcha yurtdoshlarimiz xotirasi oldida bosh egib, ta’zim qilmoqda.
Bugun safimizda eson-omon, bardam bo‘lib, barchamizga ma’naviy madad berib, ibrat bo‘layotgan urush qatnashchilarini chin qalbimdan tabriklash, ularga uzoq umr tilab, o‘zimning samimiy hurmatimni bildirish menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi, dedi davlatimiz rahbari.
Agar ana shu dahshatli urushda 1,5 million yurtdoshlarimiz qatnashganini, shulardan taxminan 500 ming vatandoshimiz halok bo‘lganini inobatga oladigan bo‘lsak, O‘zbekistonda o‘sha paytdagi xonadonlarning birontasini bu fojia chetlab o‘tmagani ayon bo‘ladi.
Oradan yillar o‘tadi, zamonlar o‘tadi, lekin xalqimizning ko‘ksidagi, qalbidagi mudhish urush azob-uqubatlari, ayriliq yarasi hech qachon unutilmaydi.
Barchamizning ishonchimiz komil: fashizmga qarshi kurashda o‘z ona yurtining tinch, osoyishta hayotini, beg‘ubor osmonini asrash uchun mardlik, jasorat va qahramonlik ko‘rsatgan, jon fido etgan yurtdoshlarimizning xotirasi abadiy yashaydi, xalqimiz o‘z o‘g‘lonlarining aziz nomlarini minnatdorlik bilan eslaydi, ularning oxirati obod bo‘lishini Yaratgandan so‘raydi, deb ta’kidladi Prezidentimiz.
O‘tganlar xotirasini o‘z yodida saqlab, e’zozlab yashash xalqimiz uchun eng muqaddas fazilat bo‘lib kelgan. Bunday odat milliy qadriyatimizga aylanib, qon-qonimiz, suyak-suyagimizga singib ketgan. Ushbu qadriyat xalqimizning o‘ziga xos, boshqalardan ajralib turadigan noyob fazilatidir. Shuning uchun ham 9-may – Xotira va qadrlash kunini biz katta bayram sifatida nishonlaymiz.
Haqiqatan ham, jahon tarixida dahshatli iz qoldirgan, sobiq Sovet Ittifoqida yashagan 27 million odamning umriga zomin bo‘lgan, xalqimizga qancha azob-uqubatlar, yo‘qotishlar olib kelgan, qancha ayollarning beva-bechora, qancha bolalarning yetim qolishiga sabab bo‘lgan bu yovuz ofatning hayotimizda qoldirgan izi, asorati har qancha vaqt o‘tsa-da, hech qachon eskirmaydi, unutilmaydi.
Prezidentimiz bunday mudhish va ayovsiz urushning yana takrorlanmasligi uchun uning oldini olish, ildizi bilan yo‘q qilish hozirgi vaqtda eng dolzarb, eng muhim muammo bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.
Dunyoning ko‘plab mintaqalarida bugun davom etayotgan qarama-qarshiliklar, qurolli to‘qnashuvlar, qonli fojialar, yon-atrofimizdagi notinch ahvol har birimizdan doimo sezgir va ogoh bo‘lib yashashimizni talab qiladi. Qo‘shni Afg‘onistonda bundan 30-yil muqaddam boshlangan notinchlikning hali-beri oxiri ko‘rinmayapti. Bu nafaqat O‘zbekiston uchun, xalqimiz uchun, umuman mintaqamizda yashayotgan barcha odamlar uchun katta xavf-xatardir. O‘z yurti, oilasi, farzandlarining kelajagini o‘ylaydigan har bir insonni bu tashvishga solishi tabiiy. Xalqimizda "Qo‘shning tinch – sen tinch” degan maqol bejizga aytilmagan, dedi Islom Karimov.
Bugun fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga 67-yil bo‘lishiga qaramasdan, ming afsuski, jahonning turli mamlakatlarida, turli hududlarida fashizm degan ofat yana bosh ko‘tarayotgani, millatchilik kabi juda xavfli balo tobora tarqalib borayotganini sezmaslik, ko‘rmaslik, bunday xavf-xatarlarga beparvo bo‘lib yashash kutilmagan og‘ir oqibatlarga olib kelishi muqarrar.
Takror aytishga to‘g‘ri keladi: bunday tahdidlarni o‘z vaqtida sezish, ularning yovuz basharasini ochib berish bugungi zamonning talabi.
Shular haqida gapirar ekan, Prezidentimiz bunday ofatlarning oldini olish, bartaraf qilish yo‘lida yana bir muhim masalaga jamoatchilik e’tiborini jalb qilish zarurligini qayd etdi.
Bugungi kunda O‘zbekistonimiz erishayotgan, dunyo tan olayotgan marralar haqida so‘z yuritganda, ularga zamin bo‘lgan ko‘pgina sabablarni keltirish mumkin. Lekin xalqimiz qo‘lga kiritgan bu natijalarning negizida turgan asosiy omil – buni bugun hech kimga tushuntirib berishning hojati yo‘q, deb o‘ylayman – mustaqillik davrida odamlarimizning dunyoqarashi, hayotga, mehnatga, o‘z kasbiga bo‘lgan munosabati keskin o‘zgarib borayotganida yaqqol namoyon bo‘lmoqda, deb ta’kidladi Islom Karimov.
Bir so‘z bilan aytganda, xalqimizning mustaqil fikrlashi, ma’naviy olami, ijtimoiy faolligi o‘sib borayotgani barcha-barcha yutuqlarimizning poydevoriga, kuch-quvvatimiz manbaiga aylanayotganini sezish, ko‘rish qiyin emas.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, erishilayotgan yutuqlarning negizida avvalo inson omili mujassam. Istiqlolimizning 21-yilligini nishonlash arafasida turibmiz. Tarixan shu qisqa davrda mustaqil Vatanimizda xalqimizning bunyodkorlik salohiyati, inson omili tufayli qo‘lga kiritayotgan yutuqlarimizni bugun dunyo tan olmoqda, ko‘plab mamlakatlar bizga havas bilan qaramoqda. Yaqinda poytaxtimizda eng muhim sohalar – sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro anjumanlarda ham bu o‘zining yaqqol tasdig‘ini topdi.
2012-yilni Mustahkam oila yili deb e’lon qilganimizning zamirida ham mamlakatimizda inson manfaatlari ustuvorligi, har bir insonning o‘z xalqi, oilasi, Vatani taqdiriga daxldor bo‘lib yashashi kabi ezgu maqsadlar mujassam, dedi davlatimiz rahbari.
Ana shunday omillar tufayli yurtimizda tinchlik va barqarorlik mustahkamlanib, ko‘pmillatli mamlakatimizda o‘zaro hurmat va hamjihatlik tobora keng qaror topayotgani hayotimizda asosiy hal qiluvchi kuchga aylanib borayotganini ta’kidlash o‘rinlidir.
Prezidentimiz bugungi tinch-osoyishta kunlarning qadriga yetish, mustaqilligimizni mustahkamlash masalalari haqida to‘xtalar ekan, o‘sib kelayotgan yosh avlod istiqlolimiz tarixini chuqur o‘rganishi, bunday kunlarga osonlik bilan erishilmaganini tushunib, anglab yetishi zarurligini alohida ta’kidladi. Chunki ertangi kun yoshlar qo‘lida. Hal qiluvchi kuch sifatida kirib kelayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga ishonch bildirish lozim.
Mustaqilligimiz tarixini o‘rganishda davlatimiz rahbarining "O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” kitobi barchamiz uchun ishonchli manba va muhim amaliy qo‘llanma bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shu ma’noda, bugun nishonlanayotgan Xotira va qadrlash marosimining ma’no-mazmuni, ya’ni o‘tganlarni eslash, hayot bo‘lganlarni qadrlash, Vatanni himoya qilish, uni daxlsiz saqlash kabi olijanob fazilatlarni yosh avlodimizning ongu tafakkuriga singdirish, farzandlarimiz, bolalarimizning biz kimmiz, kimning avlodimiz deb, ota-bobolarimizning jasoratidan ibrat olib, mana shu musaffo osmonni, ona yurtimizni biz asramasak, kim asraydi, degan e’tiqod bilan yashashi, hech shubhasiz, bugungi va ertangi hayotimiz uchun juda katta ahamiyatga ega, dedi Islom Karimov.
Bularning barchasi bizning kuchimizga kuch, qudratimizga qudrat qo‘shishi, ertangi kunga bo‘lgan ishonchimizni yanada mustahkamlashi tabiiydir.
Pirovardida Prezidentimiz bugungi kundagi eng dolzarb vazifalarimiz haqida alohida to‘xtaldi.
Avvalo dunyoda, uzoq-yaqin mintaqalarda yuz berayotgan voqea-hodisalarga beparvo, loqayd bo‘lmasdan, boshqalarning dardini o‘zimizga yaqin olib, doimo ogoh, sergak va hushyor bo‘lib, xalq va Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashashimiz zarur.
Ayni vaqtda milliy armiyamizni, xalqimizning tinch-osuda hayoti himoyasida posbon bo‘lib turgan Qurolli Kuchlarimizning salohiyati va qudratini yanada oshirish, muxtasar aytganda, milliy armiyamiz tom ma’noda xalqimizning g‘urur-iftixoriga aylanishi uchun hissa qo‘shish – barchamizning muqaddas burchimiz bo‘lishi kerak.
Biz doimo o‘z imkoniyatlarimiz, kuch-qudratimizga tayanib-suyanib yashaganmiz va kelajakda ham shunday bo‘lajak, albatta.
Biz o‘z oldimizga ota-bobolarimiz orzu qilgan, kerak bo‘lsa, jonini ham ayamagan ulug‘ maqsadni, ya’ni O‘zbekistonimizning hech kimdan kam bo‘lmagan hayot darajasiga erishishi va buyuk davlat qurish vazifasini qo‘yganmiz.
Ana shu yo‘lda Yaratgandan xalqimizni, Vatanimizni yomon ko‘zlardan saqlashda o‘zi madadkor bo‘lishini so‘raymiz. Biz o‘zimizning ezgu maqsadlarimizga albatta erishamiz, dedi Islom Karimov.
Motamsaro ona haykali poyi shu kuni anvoyi gullarga burkandi. Muazzam maydon oqshomga qadar yurt tinchligi va ozodligi, avlodlarning porloq istiqboli uchun jon fido qilgan vatandoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo etish uchun kelgan ziyoratchilar bilan gavjum bo‘ldi.