Воскресенье, 13.07.2025, 23:31
Siz Гость bo'lib kirdingiz| Guruh: "Mehmonlar"Assalomu Alaykum Гость| RSS

Mirzaobod Ijtimoiy Iqtisodiy                     Kasb Hunar Kolleji

Bosh sahifaMening uslubimRo'yxatdan o'tishChiqishKirish

Sayt menusi
Statistika
Онлайн всего: 1
Гостей: 1
Пользователей: 0
200

Sharh

Bosh sahifa » 2012 » Июнь » 16 » Surxondaryo viloyati kengashining sessiyasi
00:18
Surxondaryo viloyati kengashining sessiyasi


Shu yil 15 iyun kuni Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nutq so‘zladi.


Davlatimiz rahbari avvalo mustaqillik yillarida butun yurtimiz qatori Surxon zaminida ham ulkan tarixiy ishlar amalga oshirilgani haqida to‘xtaldi. O‘tgan davr mobaynida O‘zbekistonda, jumladan, Surxondaryo viloyatida ham katta-katta o‘zgarishlar yuz berdi. Taraqqiyotimizning o‘sish sur’atlari tobora oshib boryapti. Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda yashayotgan har qaysi oila hayotida ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlar barchamizni quvontirib, oldimizda turgan maqsadlar sari yangi-yangi qadamlar qo‘ymoqdamiz, dedi Yurtboshimiz.

Bir vaqtlar Surxondaryo haqida so‘z yuritganda, o‘zimizga olis va chekka bir hududni tasavvur qilar edik. Bu voha haqida gapirganda, avvalo uning murakkab va keskin iqlimi, afg‘on shamoli, turli qiyinchiliklar haqida so‘z ketar edi.

Haqiqatan ham, eski tuzum davrida Surxon zaminiga biryoqlama qarash shakllanib, bu mintaqaning taraqqiyoti, uning ulkan yer osti va yer usti boyliklarini o‘zlashtirish masalasi yillar davomida hal etilmasdan kelgani yaxshi ma’lum.

Bu o‘lkaning betakror, dunyoda kamdan-kam uchraydigan o‘simlik olami va tabiati borligi, mard va oriyatli, bag‘rikeng insonlar yurti ekani haqida, qadimiy madaniyat va dehqonchilik o‘chog‘i, umumbashariy taraqqiyotga beqiyos hissa qo‘shgan makon ekani haqida juda oz eshitar edik.

Hozirgi kunda viloyat ahli iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, ilmu fan, madaniyat, ta’lim-tarbiya, sport sohalarida erishayotgan yutuqlar haqida g‘ururlanib ko‘p gapirish mumkin. Agarki sport sohasini oladigan bo‘lsak, Surxon zaminida tarbiya topgan, Alpomishning munosib avlodlari bo‘lgan Toshtemir Muhammadiyev, Abdulla Tangriyev kabi kuragi yerga tegmagan, dunyoga mashhur polvonlarni kim tan olmaydi?

Sobiq sovet davrida Surxondaryoning markazi Termiz asosan harbiylar va ularning ehtiyoji uchun moslashgan shaharga aylanib, zamon talabidan orqada qolgan edi. O‘tgan yigirma yil mobaynida amalga oshirilgan ishlar tufayli nafaqat Termiz, balki barcha tuman markazlari va qishloqlarning qiyofasi o‘zgarib, obod bo‘lib borayotgani hammamizga, avvalambor, shu zaminda unib-o‘sib kelayotgan yoshlarga zavq va ertangi kunga ishonch bag‘ishlaydi.

Men 30-40-yildan buyon Surxondaryo hayoti bilan yaqindan tanishman va bugungi o‘zgarishlarni ko‘rganda, ular menga xuddiki qanot bergandek, bir vaqtlar orzu qilgan niyatlarim amalga oshgandek o‘zimni his qilaman, dedi davlatimiz rahbari.

Bu haqda so‘z yuritganda, musulmon olamida yuksak hurmat-e’tiborga sazovor bo‘lgan Hakim Termiziy bobomizning yodgorlik majmuasi har tomonlama obod qilingani, hech shubhasiz, ma’naviy qadriyatlarimizni tiklash va e’zozlash yo‘lida yana bir ulkan amaliy qadam bo‘lganini ta’kidlash lozim. Shular qatorida keyingi yillarda Termiz shahrida barpo etilgan, 10 ming tomoshabinga mo‘ljallangan stadion, zamonaviy "Baxt uyi” majmuasi, Mehribonlik uyi, "Delfin” suzish havzasi, Termiz davlat universitetining muhtasham binosi, yangi-yangi maktab, litsey va kollejlar, tibbiyot va madaniyat maskanlari viloyat qiyofasini butunlay o‘zgartirib yubordi.

Ana shunday ko‘plab misollar asosida kechagi kunni bugungi kun bilan solishtiradigan bo‘lsak, kim edigu kim bo‘ldik, degan savolga xolisona javob topishimiz qiyin emas, albatta.

O‘tgan besh yil davomida Surxondaryo viloyatida iqtisodiy o‘sish sur’atlari o‘rtacha 8,7 foizni tashkil etdi. Sanoat sohasida esa oxirgi besh yilda ushbu tarmoqda o‘sish ko‘rsatkichi 124,5 foiz bo‘lganini ta’kidlash lozim.

Qishloq xo‘jaligining ayni shu davrdagi rivojlanish sur’atlarini tahlil qilganda, bu boradagi o‘sish 123 foizni tashkil etganini qayd etish zarur. Qurilish, transport va aloqa tarmoqlari viloyatda keyingi besh yil mobaynida mos ravishda 2,9 va 2 barobar o‘sgani alohida diqqatga molikdir.

Ayniqsa, iqtisodiyotimizning muhim tarmog‘i bo‘lgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning yalpi hududiy mahsulot tarkibidagi ulushi besh yil davomida 63,9 foizdan 73,8 foizga yetgani, bu O‘zbekiston bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich ekaniga majlisda Prezidentimiz tomonidan alohida urg‘u berildi.

Keyingi yillarda bunyod etilgan yirik sanoat korxonalari, ishlab chiqarish va kommunikatsiya inshootlari viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Xususan, 525 milliard so‘mlik mablag‘ sarflanib, "Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on” temir yo‘lining barpo etilgani nafaqat Surxondaryo, balki butun mamlakatimiz, Markaziy Osiyo miqyosida tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan ulkan voqea ekanini alohida ta’kidlasak, arziydi, albatta.

Viloyat iqtisodiyotiga jalb etilayotgan investitsiyalar haqida gapirganda, oxirgi besh yilda umumiy qiymati 70 milliard 600 million so‘mlik 18 ta yirik loyiha amalga oshirilgani e’tiborga sazovordir. Jumladan, katta istiqbolga ega bo‘lgan Xonjiza polimetall rudalar konining ishga tushirilishi, paxta xomashyosini qayta ishlashga mo‘ljallangan, loyiha qiymati 12 million dollarga teng "Shindong Spinning” korxonasi, viloyatda tayyorlanadigan pilla xomashyosini to‘liq qayta ishlash bo‘yicha qiymati 1 million 500 ming dollar bo‘lgan "Surxon-Termiz-Silk” korxonasi qurilgani va boshqa ko‘plab loyihalarning amalga oshirilgani hududning sanoat salohiyatini oshirishda muhim rol o‘ynamoqda.

Sessiyada viloyatdagi yutuqlar bilan birga o‘z yechimini kutib turgan, hanuzgacha hal qilinmasdan kelayotgan muammolar haqida ham atroflicha fikr yuritildi.

Hayotning qaysi soha yoki tarmog‘i bo‘lmasin – bu sanoat yoki qishloq xo‘jaligi bo‘ladimi, ijtimoiy masalalar bo‘ladimi, odamlarni bezovta qilayotgan ayrim noxush holatlar bo‘ladimi – ularning barchasini bartaraf etish – bu ham o‘zimizga bog‘liq. Shu sababli bugungi uchrashuvimizda ko‘proq mavjud muammolar haqida birgalashib bosh qotirishimiz, ularni yechish yo‘llarini izlashimiz maqsadga muvofiqdir, dedi Islom Karimov.

Bu haqda gapirganda, viloyatda avvalo yengil sanoat tarmog‘i rivojlanish o‘rniga qoloqlikka yuz tutib, sanoat tarkibida 50,7 foizdan 43,8 foizga tushib qolganini afsus bilan aytishga to‘g‘ri keladi. Viloyatda ishlab chiqarilayotgan paxta tolasining atigi 6,9 foizi shu yerning o‘zida qayta ishlanayotgani albatta talabga javob bermaydi.

Yalpi hududiy mahsulot hajmini aholi jon boshiga hisoblaganda, viloyatning bu boradagi ko‘rsatkichlari mamlakat miqyosidagi o‘rtacha ko‘rsatkichlardan past darajada saqlanib qolayotgani barchamizni, avvalo, viloyat rahbarlari, deputatlar va faollarni o‘ylantirishi kerak. Nega deganda, Surxondaryoning boshqa hududlarimizdan ustun jihati bo‘lsa borki, aslo kam joyi yo‘q.

Qishloq joylarga sanoatni olib kirish, mahalliylashtirish dasturi asosida qayta ishlash korxonalari barpo etish, ichki va tashqi bozor uchun raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish borasidagi ishlar ham qoniqarli emas. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishning asosiy hissasi Termiz shahri, Denov, Sho‘rchi, Sherobod va Jarqo‘rg‘on tumanlariga to‘g‘ri kelmoqda. Angor, Termiz, Boysun va Oltinsoy tumanlarining umumiy sanoat hajmidagi ulushi esa pastligicha qolmoqda.

Viloyatda hududiy eksport tarkibi asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan iborat bo‘lib, ular yalpi eksportning 92,8 foizini tashkil etadi. Bu o‘z navbatida sanoat korxonalarini rivojlantirish, eksportbop mahsulotlar tayyorlash, tarkibiy o‘zgarishlarni yanada jadallashtirish, ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish masalalari bugungi kunda o‘tkir vazifa bo‘lib qolayotganini yana bir bor tasdiqlab bermoqda.

Joriy yil boshiga qadar viloyatda 27 mingtadan ortiq kichik biznes sub’ekti ro‘yxatga olingan. Lekin ularning 90 foizi amalda faoliyat ko‘rsatmoqda. Qolganlari esa, qog‘ozda bor-u, amalda yo‘q.

Qishloq xo‘jaligi sohasida ham qator kamchiliklar borligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Bizni boqadigan yerning unumdorligini, samaradorligini oshirish har doim qishloq xo‘jaligidan oladigan daromadning asosiy garovi bo‘lib kelganini hammamiz yaxshi tushunamiz, chuqur anglaymiz. Bu haqda ortiqcha gapirishning hojati yo‘q, deb qayd etdi davlatimiz rahbari.

Xalqimizning "Sen yerni boqsang, yer seni boqadi” degan maqolida chuqur ma’no borligi hammamiz uchun yaxshi ayon. Yurtimizda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash maqsadida 2007-yilda maxsus davlat dasturi qabul qilingan edi. Ta’kidlash joizki, ana shu dastur asosida Surxondaryo viloyatida ham katta ishlar amalga oshirilmoqda. Buni o‘tgan besh yil davomida qariyb 60 milliard so‘mlik mablag‘ hisobidan 63 ta ekskavator va buldozer sotib olinib, 430 kilometrdan ortiq irrigatsiya tarmoqlari qurilgani va rekonstruksiya qilingani, 4 ming kilometrdan ziyod suv tarmoqlari tozalangani ham tasdiqlab turibdi. Shular qatorida Osiyo taraqqiyot banki tomonidan ajratilgan 73 million dollarlik kredit hisobidan "Amu-Zang” kanali irrigatsiya tizimidagi asosiy inshootlar, jumladan, 3 ta nasos stansiyasi rekonstruksiya qilindi. Bunday keng ko‘lamli ishlar natijasida vohada 80 ming gektar maydonning meliorativ holati yaxshilandi va unumdorligi oshirildi.

2011-yil yakunlariga ko‘ra, viloyat bo‘yicha paxtachilikda o‘rtacha hosildorlik 29,2 sentnerni, g‘allachilikda 48,9 senterni tashkil etdi. Keyingi uch yilda viloyatda paxta hosildorligi 2-3 sentnerga, g‘alla hosildorligi esa 4-5 sentnerga oshgani albatta ijobiy natija, buni hech kim inkor etolmaydi. Lekin, bu sohada ajratilgan katta-katta mablag‘larni o‘zlashtirish, zamonaviy texnikalarni samarali ishlatish, magistral kollektorlar va ichki zovurlarni tozalash masalasida hali qilinadigan ishlar juda ko‘p ekaniga sessiyada alohida e’tibor qaratildi.

Ayniqsa, suv resurslaridan tejab-tergab, oqilona foydalanish masalasi doimo diqqat markazida bo‘lishi darkorligi ta’kidlandi. Bugungi kunda bir metr kub suvni fermerning dalasiga yetkazib berish mamlakatimiz miqyosida davlatga o‘rta hisobda 23 so‘mga, Surxondaryo viloyatida esa 30 so‘mga tushmoqda. Agar viloyatga yiliga 3,8 milliard metr kub hajmida suv yetkazib berilayotganini hisobga olsak, buning uchun davlat byudjetidan 115 milliard so‘m mablag‘ sarflanayotgani ayon bo‘ladi. Shunday ekan, suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish vaqti keldi, dedi Islom Karimov.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, Surxondaryo viloyatida mexanizatsiyalashtirish masalasi ham dolzarbligicha qolmoqda. Viloyatda keyingi ikki yilda jami 60 milliard so‘mlik yuqori unum bilan ishlaydigan zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari sotib olingan. Joriy yilda yana 30 milliard so‘mlik texnika vositalarini xarid qilish ko‘zda tutilmoqda. Shu bilan birga, viloyatda 15 yildan ortiq vaqt mobaynida ishlatib kelinayotgan eskirgan texnikalar ham mavjud.

Hozirgi kunda bir haydov traktoriga o‘rtacha 260 gektar maydon to‘g‘ri kelmoqda. Natijada yerni shudgorlash ishlarida texnika yetishmasligi sezilmoqda va bu o‘ta muhim agrotexnik tadbirni amalga oshirish muddati cho‘zilib ketmoqda.

Bunday kamchiliklarga barham berish, mavjud texnika parki tarkibini yangilash maqsadida qabul qilingan hukumat qaroriga asosan, qishloq xo‘jaligida resurs tejaydigan texnikalar, yuqori quvvatli traktorlar ishlab chiqarish va ular bilan fermerlarni ta’minlash uchun 2 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi.

Ana shu qaror talablaridan kelib chiqqan holda, viloyat hokimligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zining hududiy dasturini ishlab chiqishi va unda har bir tuman, fermer xo‘jaliklari uchun texnikalar yetkazib berish yo‘llarini, moliyaviy manbalarni aniq belgilab olishi zarurligi sessiya majlisida muhim vazifa qilib qo‘yildi.

Bugungi kunda Surxondaryo viloyatida 43 ming gektardan ziyod shaxsiy tomorqa maydonlari mavjud bo‘lib, o‘tgan yili ularda 9 ming tonnadan ortiq kartoshka, 13 ming tonnadan ko‘proq sabzavot va boshqa mahsulotlar yetishtirilgani, ayrim omilkor dehqonlar o‘z tomorqalaridan 30-40 million so‘mga yetkazib daromad olayotgani e’tiborga sazovordir.

Ayni vaqtda viloyatdagi ba’zi tumanlarda bu masalaga yetarlicha ahamiyat berilmayotgani haqida tanqidiy fikrlar bildirildi.

Mamlakatimiz oldida turgan ulkan vazifalarni ado etish, qishloq xo‘jaligi sohasini zamon talablari asosida rivojlantirish borasidagi eng muhim masalalardan biri – bu fermer xo‘jaliklarining samaradorligini oshirish bilan bevosita bog‘liqdir. Bu haqda gapirganda, shuni aytish joizki, bugungi kunda Surxondaryo viloyatida 4 ming 800 tadan ziyod fermer xo‘jaligi mavjud bo‘lib, ularning 2 ming 490 tasi paxta va g‘allachilikka ixtisoslashgan.

Hozirgi kunda fermerlik harakati qishloqda yashayotgan odamlarni, O‘zbekiston sharoitida 50 foizga yaqin aholini ish bilan ta’minlash, yuqori daromad olish, eng muhimi, sanoatimizni xomashyo bilan, xalqimizni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashda yetakchi o‘rin egallab kelmoqda.

Fermerlik harakati nafaqat qishloq xo‘jaligi sohasi rivojiga, balki butun iqtisodiyotimizning jadal taraqqiy topishiga, mamlakatimizning qo‘lga kiritgan yutuqlariga, xalqimizning hayot darajasini oshirishga beqiyos hissa qo‘shgani haqida biz ko‘p gapiramiz. Hayotning o‘zi oxirgi o‘n-o‘n besh yil davomida buning uchun yetarli dalil va asoslar bermoqda.

Shuni ta’kidlab aytmoqchiman – O‘zbekistonda bu harakatni yanada rivojlantirish, uni yangi bosqichga ko‘tarish, qudratli bir ijtimoiy kuchga aylantirish yo‘lida davlatimiz va shaxsan o‘zim Prezident sifatida fermerlik harakatini bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashga tayyorman. Kimki fermerlik harakatiga qarshi chiqadigan bo‘lsa, bu Prezident siyosatiga qarshi chiqish bilan barobar, degan so‘zlarimni bugun takroran aytmoqchiman, dedi Islom Karimov. Lekin, fermerlik harakatiga bunday munosabat fermer xo‘jaligini yuritish, uning samaradorligini oshirishga doir barcha sir-asrorlarni chuqur o‘zlashtirdik, deb aytishga asos bermasligi kerak.

Hozirgi vaqtda shu masala ustida ko‘p ishlab, Germaniya, Gollandiya, Polsha kabi davlatlarga mutaxassis va fermerlarni jo‘natib, ularning tajribasini o‘rganish orqali fermerlik harakatining samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha bugun zamonning o‘zi talab qilayotgan dastur tayyorlamoqdamiz.

Fermerlik sohasida biz hozirgacha faqat 10-15 yillik tajribaga egamiz. Vaholanki, fermerlik harakati butun dunyoda necha yuz yillik tarixga ega. Biz ularning tajribasini, yutuqlarini o‘rganib, o‘zimizda joriy etishimiz kerak. Lekin bu borada o‘z oldimizga shunday maqsad qo‘yishimiz kerakki, ertaga o‘quvchi emas, o‘qituvchi bo‘lib ish olib borishimiz zarur.

Sessiyada viloyatda aholining talab va ehtiyojlarini qondirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha tahlil etildi.

Surxon vohasida bugungi kunda 2 million 220 mingga yaqin kishi istiqomat qilmoqda. Aholi jon boshiga o‘rtacha daromad ko‘rsatkichi viloyatda respublikaning o‘rtacha ko‘rsatkichidan ancha orqada qolayotganini tan olish kerak va bunday holatni o‘zgartirish haqida hammamiz bosh qotirishimiz lozim, dedi davlatimiz rahbari ijtimoiy sohadagi islohotlar haqida to‘xtalar ekan.

Viloyatda yangi ish o‘rinlari tashkil etish borasida qabul qilingan dasturga muvofiq, 2011-yilda 65 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratilgan. Ularning 73 foizdan ortig‘i kichik biznes sohasiga to‘g‘ri keladi. Ayni vaqtda, 2011-yil yakuni bo‘yicha, viloyatda doimiy ish bilan band bo‘lmagan aholi soni 46 ming nafarni tashkil etmoqda. Ba’zi tumanlarda ishsizlik darajasi nisbatan yuqori bo‘lib qolayotgani haqida tanqidiy fikrlar bildirildi. Bu masalani yechish yo‘llaridan biri sifatida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada kuchaytirish, fermer xo‘jaliklari paxtachilik, g‘allachilik yoki bog‘dorchilik bilan cheklanib qolmasdan, o‘zi yetishtirgan mahsulotni sanoat asosida qayta ishlash, xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish, qurilish va ta’mirlash ishlarini amalga oshiradigan brigadalarni tashkil qilish, ta’minot masalalarini yo‘lga qo‘yish kabi faoliyat turlari bilan ham shug‘ullanishi zarurligiga e’tibor qaratildi.

Ma’lumki, bundan uch yil oldin mamlakatimizda qishloq aholisining turmush madaniyatini oshirish, uning yashash sharoitini shahar sharoitiga yaqinlashtirish maqsadida muhim davlat dasturi qabul qilingan edi. Qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida zamonaviy yangi uy-joylar qurishga qaratilgan bu dastur xalqimiz tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi.

Bu uylarning loyihalari ustida juda ko‘p ishlab, turli variantlarni quruvchi va mutaxassislar, jamoatchilik vakillari ishtirokida keng muhokama qildik. Bildirilgan tanqidiy fikr-mulohazalar asosida eng ma’qul loyihalar qabul qilindi, dedi davlatimiz rahbari.

Qishloq ahlining talab va ehtiyojlarini hisobga olgan holda, bunday uy-joylar uchun ajratilayotgan yer uchastkalarining hajmi 4 sotixdan 6 sotixga kengaytirilgani, xalqimizning turmush tarzi va an’analarini hisobga olib, qo‘shimcha qulayliklar yaratilgani ham ko‘pchilik uchun ayni muddao bo‘ldi.

Bu borada Surxondaryo viloyatida ham katta ishlar amalga oshirilmoqda. 2009-2011-yillarda qariyb 95,5 milliard so‘m mablag‘ hisobidan yangi uy-joylar barpo etilib, 1 ming 400 ga yaqin oila yangi uylarga ko‘chib kirgani buning tasdig‘idir.

Ta’kidlash kerakki, bunday zamonaviy uy-joy massivlari qishloqlarimizning me’moriy qiyofasini tubdan o‘zgartirish, odamlarning turmush madaniyatini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Ayniqsa, kommunal korxonalar va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 60 kilometrlik gaz, 72 kilometrlik elektr, qariyb 68 kilometrlik suv tarmoqlari barpo etilgani, 20 kilometrdan ortiq yo‘l qurilishi amalga oshirilganini qayd etish lozim.

Hozirgi vaqtda ushbu dastur talablari qanday bajarilayotgani ayrim viloyatlarda tegishli nazorat tashkilotlari tomonidan jiddiy o‘rganilmoqda. Surxondaryo viloyati rahbarlari va mutasaddilarini ham ogohlantirib aytmoqchiman, bilib qo‘yinglar, bu borada so‘rov qattiq bo‘ladi, deb uqtirib o‘tdi Prezidentimiz.

Sessiya majlisida biz uchun o‘ta muhim, aytish mumkinki, hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan yana bir masala – umumta’lim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga qamrab olish borasidagi ishlarning ahvoli haqida ham so‘z yuritildi.

Bu yil Surxondaryo viloyati bo‘yicha 47 ming 446 nafar bola maktabni bitirmoqda. Ularning 1770 nafari akademik litseylarda, 45 ming 676 nafari esa kasb-hunar kollejlarida o‘qishni davom ettirishi ko‘zda tutilmoqda.

Bu haqda gapirganda, ayrim ota-onalar o‘rtasida o‘z farzandlari, ayniqsa, qiz bolalarga nisbatan maktabni bitirgandan keyin o‘qish shart emas, turmush qurishni o‘ylash kerak, degan eskicha qarashlar hali-beri uchrab turishini afsus bilan aytib o‘tishga to‘g‘ri keladi. Vaholanki, kollejda o‘qib, aniq kasb-hunar egasi bo‘lish birinchi navbatda qiz bola uchun zarur. Qo‘lida hunari bor qiz bola ertaga birovga qaram bo‘lib qolmaydi, o‘z mehnati, bilim va iste’dodi bilan oilasini tebratishga, farzandlarini barkamol inson etib tarbiyalashga hissa qo‘shadi. Bu o‘z navbatida yosh oilani moddiy va ma’naviy jihatdan mustahkamlashda qanday muhim ahamiyatga ega ekanini kimgadir isbotlab berishning hojati yo‘q.

Bu haqiqatni biz – ota-onalar chuqur tushunib, anglab, farzandlarimizning bilim olishi, zamonaviy kasb-hunar egallashi uchun hamma sharoitni yaratib berishimiz kerak. Bu bizning bolalarimiz oldidagi muqaddas burchimizdir. Aks holda, ularning kelajagiga xiyonat qilgan bo‘lamiz, dedi Islom Karimov.

Bu masalalar haqida gapirganda, hammamiz yaxshi tushunib olishimizni istardim – bu yilga yurtimizda "Mustahkam oila yili” deb nom berganimiz, albatta, bejiz emas. Mustahkam oila deganda, biz avvalo baxtli oilani, o‘z murod-maqsadiga yetadigan oilani tushunamiz, deb o‘z so‘zini davom ettirdi davlatimiz rahbari.

Ayni paytda kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlashdek muhim masalada yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar atroflicha tahlil qilindi.

Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yil yakunlariga bag‘ishlangan majlisda men bu mavzuga alohida to‘xtalib, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarini, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarini bu boradagi ishlar qanday yo‘lga qo‘yilganiga qarab ularning faoliyatiga baho berilishi haqida ogohlantirgan edim, binobarin, bu masala bo‘yicha barcha mas’ul mutasaddilar tegishli xulosa qilishlari zarur, dedi Islom Karimov.

Biz o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak va ezgu maqsadga yetish, ya’ni rivojlangan mamlakatlar qatoridan o‘rin egallashimiz uchun avvalo juda tez o‘zgarib borayotgan zamon bilan hamnafas bo‘lib yashashimiz lozim. Bugun har qachongidan ham murakkab va keskin bo‘lib borayotgan hayotning o‘zi oldimizga ulkan va o‘ta mas’uliyatli vazifalarni qo‘ymoqda. Nafaqat bugungi hayot bilan hamqadam bo‘lib yashash, balki ertaga yo‘limizda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan turli muammo va tahdidlarni bartaraf etish haqida hozirdan o‘ylab yashashimizni davrning o‘zi talab qilmoqda.

Mana shunday sharoitda el-yurtni birlashtirib, kerak bo‘lganda mehr ko‘rsatib, kerak bo‘lganda qattiqqo‘l bo‘lib, avvalo davlat va jamiyat manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yib ishlashga qodir bo‘lgan rahbarga ko‘p narsa bog‘liq ekanini tushunish, anglash qiyin emas.

Ko‘pni ko‘rgan, dono xalqimiz o‘z mehnati, oqilona rahbarligi, insoniy fazilatlari bilan hayotda iz qoldirgan yetakchilarni doimo hurmat bilan eslaydi. Shu bilan birga, o‘z lavozimiga loyiq bo‘lmagan, o‘ziga bildirilgan yuksak ishonchni oqlamagan odamlarni ham esidan chiqarmaydi.

Xalqimizning "Yaxshidan bog‘ qoladi, yomondan dog‘ qoladi” degan chuqur ma’noli maqoli bejiz aytilmagan. Men bu so‘zlarni el-yurtimiz oldida, avvalo, yoshlarimiz oldida takror va takror aytishni o‘rinli deb bilaman.

Aytish kerakki, kechagi zamonda rahbarlarga nisbatan talab boshqacha edi, bugun esa butunlay boshqacha. Bugun rahbarlik vazifasida o‘tirgan har qaysi odam o‘z mas’uliyatini o‘n karra, yuz karra ko‘proq sezishi darkor.

Rahbar boshqalarga talab qo‘yadigan bo‘lsa, savol tug‘iladi: xo‘p, og‘ayni, bu masalani boshqa tomondan ko‘raylik, ya’ni, siz o‘zingiz shu talablarga loyiqmisiz? Har bir rahbar bu savolni avvalo o‘ziga berib, unga javob topishi kerak.

Boshqalardan halollik, poklikni, adolatli bo‘lish, oshna-og‘aynigarchilik, mahalliychilikka berilmaslikni talab qilish haqida ko‘p gapirish mumkin. Lekin odamlar hamma narsani, ya’ni, kim bu talablarga vijdon amri bilan, amaliy ishlar bilan javob berayotganini, kim esa xo‘jako‘rsin ishlar bilan, "kun o‘tsa – bas” deb yurganini juda yaxshi biladi, yaxshi sezadi.

Har qaysi rahbar bu masalani chuqur tushunib yetishi, avvalo nafs balosiga berilib ketmasligi, odamlarni mensimasdan, oyog‘i yerdan uzilmasligi lozim. Shundagina u el-yurt ishonchini qozonishi, xalqni yuksak maqsadlar sari safarbar eta olishi mumkin.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tavsiyasiga ko‘ra, 2011-yil dekabr oyidan buyon Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajarib kelayotgan Normo‘min Omonovich Choriyev viloyat hokimi etib saylandi.

Oldimizda turgan yuksak marralarga erishish uchun hammamiz hamjihat bo‘lib, belni mahkam bog‘lab mehnat qilishimiz, yurtimizda o‘zaro hurmat, mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash uchun bir tanu bir jon bo‘lib yashashimiz lozim. Bugun o‘zbek xalqining zamoni keldi, O‘zbekistonning zamoni keldi, marrani baland qo‘yib yashaylik, shundagina ertangi kun, kelajak bizniki bo‘ladi, dedi Prezident Islom Karimov.

Sessiyada "Nuroniy” jamg‘armasi Angor tumani bo‘limi raisi Xushboq Tangriyev, Sariosiyo tumanidagi "Nurali-Karim” fermer xo‘jaligi rahbari Abdukarim Karimov, Termiz davlat universiteti o‘qituvchisi Nasiba Begamova, Muzrabot tumanidagi "Muzrabottekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Elmurod Jumayev, Termiz davlat universiteti talabasi Nigora Normurodova, "Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi Orziqul Soatov va boshqalar so‘zga chiqib, Prezidentimiz nutqida Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim ustuvor yo‘nalishlari har tomonlama chuqur tahlil etilib, kelgusidagi dolzarb vazifalar aniq belgilab berilganini, voha ahli bildirilgan tanqidiy gaplar va amaliy fikrlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, islohotlar samarasini yuksaltirish, barcha soha va tarmoqlar bo‘yicha qabul qilingan dasturlarni izchil amalga oshirish uchun astoydil mehnat qiladi, deb ta’kidladilar.

* * *

Prezidentimiz Islom Karimov shu kuni Termiz tumanidagi "Surxon sarvari” fermer xo‘jaligi dalalariga tashrif buyurib, fermerlar bilan muloqotda bo‘ldi. G‘alla o‘rim-yig‘imining borishi bilan qiziqdi.

Abduzoyir Abduqodirov rahbarlik qilayotgan mazkur fermer xo‘jaligi 147 gektar yer maydoniga ega. Xo‘jalik a’zolari bu yil 76 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlamoqda. 71 gektar maydondagi g‘allazorda mo‘l hosil yetishtirildi. Davlatga paxta va g‘alla sotish shartnoma majburiyatlarini muntazam bajarib kelayotgan xo‘jalikda hosildorlik yildan-yilga oshib bormoqda.

– G‘allachilikda iyun oyi muhim palla, mirishkorlarimiz uchun sinov oyi hisoblanadi, – dedi mamlakatimiz rahbari. – Bu yil g‘allachilik uchun qulay yil bo‘ldi. G‘allakorlarimiz mo‘ljaldagi hosilni to‘pladi. Galdagi muhim vazifa yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmasdan, o‘z vaqtida yig‘ishtirib olishdan iborat.

Buning uchun viloyatda barcha imkoniyatlar yetarli. Hosil yig‘ib olingan maydonlar somoni maxsus texnika yordamida presslanib, yer peshma-pesh shudgor qilinmoqda.

Davlatimiz rahbari mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishda fermerlik harakatining ahamiyati katta ekanini alohida ta’kidladi.

– Faqat dehqonchilikning o‘zi bilangina xalqni boqib, farovonlikka erishib bo‘lmaydi, – dedi Prezidentimiz. – Fermer nafaqat dehqon, balki iqtisodchi, menejer, agronom, sanoatchi bo‘lishi kerak. Fermer o‘zi yetishtirgan mahsulotni o‘zi qayta ishlashi, shu orqali qishloqqa sanoatni jadal olib kirishi lozim. Ishlab chiqarishning boshqa tarmoqlarini rivojlantirishi, xizmat ko‘rsatish va servis sohasini yo‘lga qo‘yishi, aholi farovonligini oshirishga, yoshlarni ish bilan ta’minlashga faol hissa qo‘shishi lozim.

Davlatimiz rahbari yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, g‘o‘zaning serhosil navlarini tanlash, hosildorlikni oshirish haqida to‘xtalar ekan, bugun dehqonchilikni rentabellik darajasi bilan o‘lchash eng to‘g‘ri yo‘l ekanini ta’kidladi. Paxtaning rentabelligi baland bo‘lmasa, dehqonning shashti qaytadi, ishga qiziqishi so‘nadi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tubdan isloh qilinib, zamonaviy qurol-yarog‘ va texnikaga ega, professional harbiy mutaxassislar bilan ta’minlangan milliy armiyamiz shakllandi. Harbiy xizmatga har tomonlama barkamol, chuqur bilimga ega, yuksak salohiyatli yoshlar saralab olinmoqda. Mamlakatimiz xavfsizligi va sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlashga yoshlarimizda qiziqish hissi, mas’ullik tuyg‘usi baland. Serjantlar milliy armiyamizning eng ishonchli tayanchi va suyanchiga aylandi. Harbiylarni mustahkam ijtimoiy himoya qilish tizimi yaratilib, barcha qulayliklarga ega zamonaviy va shinam uy-joy bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yildi. Bularning barchasi mamlakatimiz mustaqilligi, xavfsizligi va hududiy yaxlitligi, chegaralarimiz daxlsizligini ta’minlash, tinchlik va osoyishtaligimiz kafolati – milliy armiyamizni takomillashtirishga xizmat qilayotir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Milliy xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qismga tashrif buyurib, ofitser va askarlar bilan muloqotda bo‘ldi. Xizmat jarayoni, harbiylarning yashash va oilaviy sharoiti bilan qiziqdi.

– Qurolli Kuchlarimiz safida xizmat qilayotgan harbiylar O‘zbekistonning faxri, ishonchi va suyanchidir, – dedi Prezidentimiz. – Ular har doim Vatanimiz himoyasiga shay. Ularning doimo hushyor va sezgirligi tufayli sarhadlarimiz daxlsiz, yurtimiz tinch, xalqimiz osoyishta hayot kechirmoqda. Harbiylarning ham o‘z hayoti, oilasi, quvonchu tashvishlari bor. Ular uchun munosib shart-sharoit yaratib berish doimiy e’tiborimizda bo‘lishi lozim.

Xalqimiz mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan yangilanishlar, barcha sohalarda qo‘lga kiritayotgan betimsol yutuqlarimiz, erishayotgan marralarimiz, bunyodkorlik ishlarimiz, turmushimiz farovonligi istiqlol tufayli ekanini teran anglaydi. Surxondaryo viloyatida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, odamlar ongu shuuridagi, tafakkuridagi o‘zgarishlar ham bu haqiqatni yaqqol tasdiqlab turibdi.

www.uza.uz axborot agentligidan.

Ko'rilgan: 3532 | Qo'shgan: MIIKHK | Reyting: 0.0/0
Jami sharhlar: 0
Qidiruv
Taqvim
«  Июнь 2012  »
Пн Вт Ср Чт Пт Сб Вс
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930